Namanganda fohishaxonaga kelganlarni haydagani uchun kaltaklangan ayol bir hafta o‘tib kasalxonada jon berdi. Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, 23 yanvar kuni Namangan shahar 4-kichik nohiya, 40-uyda yashovchi 52 yoshli Turg‘unoy Oltinova ushbu uyda qonunga zid ravishda tashkil etilgan fohishaxonaga kelgan mijozlarni haydab, militsiyaga shikoyat qilmoqchi bo‘lgan payti kaltaklangan.
Noma’lum shaxslar tarafidan kaltaklanganidan so‘ng, og‘ir ahvolda Namangan shahar kasalxonasiga yotqizilgan Turg‘unoy Oltinova 30 yanvar kuni olgan jarohatidan olamdan o‘tdi.
Marhumaning qo‘shnilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda Oltinovani fohishaxonaga aylantirilgan kvartiraga kelgan mijozlar kaltaklaganini ko‘rganini aytdi:
- Domimizda fohishaxona bor. 23 yanvar kuni kechki 10.45larda o‘shalarni oldiga kelganlar Turg‘unoy opani kaltaklab ketishdi. Meni o‘zim ko‘rdim. Turg‘unoy opa hammalaringni militsiyaga bervoraman, deb baqirganini eshitdik-da, tashqariga chiqdik. Chiqishimiz bilan qochib ketishdi. Bittasining yuzida maskasi bor edi. Turg‘unoy opa yerda qonga belanib yotgandi. Namangan shahar shifoxonasiga olib bordik. Bir hafta o‘tib, mana bugun (30 yanvar. tahr.) kasalxonada jon berdilar, - deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan marhumaning qo‘shnilaridan biri.
Namangan shahar Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari Ozodlikka ushbu voqeani tasdiqlab, Oltinovani kaltaklagan shaxslar qo‘lga olinganini bildirdi:
- Uchta erkak ushlandi, bu bo‘yicha tergov ketyapti, jinoyat ishi ochilgan, - deya gapni qisqa qildi, - Namangan IIBsi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda.
Erkaklar ayolni nima uchun kaltaklagan?
Bu savolga IIB mulozimi tergov siri vajidan javob berolmasligini aytdi.
-Hozir tergov davom etyapti. Shuning uchun bu borada ma’lumot berolmaymiz, - dedi militsiya mulozimi.
Ayni paytda marhumaning qo‘shnilari shu paytgacha militsiya fohishalarga qarshi chora ko‘rmaganini aytib, bunga norozilik bildirishdi:
- Bu domda yosh bolali oilalar bor. Shunga qaramay domni fohishaxonaga aylantirib qo‘yishgan. Yarim yalang‘och kiyingan qizlar, ularni ketidan shubhali erkaklar kirib ketadi. Har kuni shunday. Turg‘unoy opa har doim bu erda yosh bolalilar bor, deb ular bilan urushar edi. Oxiri uni tinchitishdi. Nega militsiya jim? Mana shu bizni hayron qoldiradi, - deydi marhumaning yana bir qo‘shnisi.
Namangan shahar 4-kichik nohiya, 40-uy joylashgan mahalla faoli esa iddaolarni shunday izohladi:
- Men endi oldin buni eshitmaganman to‘g‘risi. Hozir u yoq bu yoqdan eshitaman. Shunaqalar bor deb eshitayapman. Lekin, o‘zim ko‘zim bilan ko‘rmadim, nima qilmadim, - dedi mahalla faoli.
O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Nosir Zokir o‘zi yashaydigan Namangan shahrida so‘nggi yillarda “fohishaxonaga aylantirilgan” kvartiralar ko‘paygani, fohishaxona tashkil etgan yoki qaydsiz turgan odamlar esa mahalla va boshqa nazorat idoralari uchun qo‘shimcha mo‘may daromad manbaiga aylanib qolganini aytadi:
- 6-mikrorayonda bir ayol fohishalarni qo‘yish uchun oltita pod’ezdning birinchi qavatini sotib olgan. Yetti yildan beri (fohisha) qo‘yib kelgan. Ichida Italiyani qimmatbaho mebellari, billur qandillari bor. Haligilarni qo‘yib, million-million pul topgan. O‘shani nahotki har bir odamni uyiga har kuni tekshirishga kirib turadigan mahalla yoki uchastka nozirlari bilmaydimi? Demak, o‘sha uchastkavoyi ham mahallasi ham shulardan ulush oladi, indamaydi, - deydi Nosir Zokir.
O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 131 moddasi – “Fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilish” bo‘yicha fohishaxonaga aylantirilgan kvartiralar musodara etilishi kerak.
Fohishaxona tashkil etish yoki saqlash — eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan etmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki olti oygacha qamoq yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.