Jizzax shahrida Jizzax-Toshkent yo‘nalishida qatnovchi xususiy avtobus va taksilar liniyasini nazorat qilib kelgan "mahalliy avtoritet" Zufar Tursunov pichoqlab o‘ldirildi. Hodisa 12 mart kuni Jizzax shahridagi So‘g‘diyona o‘yingohi oldidagi avtobuslar turargohida ro‘y berdi.
Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, Zufar Tursunov o‘z qo‘li ostidagi pattachi tarafidan pichoqlangan.
- Pattachi kallakesar bir odam. O‘tgan-qaytgan avtobuslardan pul olib turardi. Pul ustida janjal chiqqan. Haydovchilardan ko‘proq olib¸ tepaga kam uzatganmi, bilmaymiz. Xullas¸ boshlig‘i unga dam bergan, u o‘tkir tig‘li pichoq bilan tashlangan. Zufar akani 2-3 marta pichoqlaydi. Zufar aka qochayotganda yana quvib, yotqizib, yana pichoqlaydi. U bolnitsada, reanimatsiyada jon berdi. Pattachini shu yerning o‘zida militsiyaga olib ketishdi, - deydi hodisaga bevosita guvoh bo‘lgan avtobus haydovchilaridan biri.
Jizzax shahar Ichki ishlar bo‘limining ismi sir qolishini istagan mulozimi So‘g‘diyona o‘yingohi oldidagi avtobuslar turargohida pichoqlashuv ro‘y bergani, oqibatda 1987 yilda tug‘ilgan Zufar Tursunov ismli shaxs halok bo‘lgani, bir odam qotillikda gumonlanib qo‘lga olinganini tasdiqladi.
Mazkur hodisa yuzasidan shahar prokuraturasi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 98-moddasi - "Qasddan odam o‘ldirish" bandi bo‘yicha ish ochib, hodisani tergov qilmoqda.
Pichoqlashuv ro‘y bergan mashinalar turargohi So‘g‘diyona o‘yingohiga tegishlidir.
Jizzaxlik haydovchilardan birining Ozodlikka aytishicha, Jizzaxdagi bir guruh "avtoritet"lar stadion rahbariyati bilan kelishib, turargohni Jizzax-Toshkent yo‘nalishida qatnovchi avtobus, taksilar turadigan joyga aylantirishgan.
- Stadionning rahbari Muzrob aka oldin Jizzax viloyat IIBsi boshlig‘i muovini bo‘lgan. Zufar Tursunov Jizzax-Toshkent avtobus va taksi liniyasini nazorat qilib kelgan. Avtobus haydovchilari bularga har bir qatnov uchun dolya berib kelgan. O‘rtada pattachi ham o‘zining ulushini olib yurgan. Bularning hammasi nelegal, ya’ni noqonuniy bo‘lgan. Davlatga bir tiyin tushmagan bundan. Pattachi ko‘proq olivorganmi, janjal chiqib, pichoqlashuv ro‘y bergan, - deydi jizzaxlik boshqa bir haydovchi.
Kanadada yashovchi jizzaxlik mustaqil jurnalist Ulug‘bek Ashur ham o‘z Facebook sahifasida Zufar Tursunov Jizzaxning "avtoritet"laridan biri bo‘lgani haqda yozdi.
“Jizzax shahridagi Toshkentga qatnovchi avtomobillar turadigan "pitak"lardan "obshakka" pul yig‘ib turadigan Zufar ismli yigitni o‘ldirib ketishdi. Sobiq sportchi bo‘lgan bu yigit bir qancha kriminal doiralarda, xususan poytaxtdagi tungi klublar bilan ishlovchi norasmiy tizimlarda faoliyat ko‘rsatgan deyishadi. "Jizzaxning zo‘rlaridan biri edi" deyishdi uni yaxshi taniganlar”, - ta’kidlaydi jurnalist.
Ayni paytda So‘g‘diyona stadioni yonidagi tururgohdan Toshkentga avtobus qatnovi to‘xtagan.
Jizzaxlik haydovchilarning Ozodlikka aytishicha, prokuratura stadion rahbariyati va noqonuniy avtobus qatnovi bizneasiga aloqadorlarni so‘roq qilishga kirishgan.