Farg‘onada 35 yashar aka 33 yoshlik tug‘ishgan ukasini pichoqlab o‘ldirdi. Voqea 26 mart kuni Farg‘onaning Oltiariq tumani Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ining Navbahor mahallasida ro‘y berdi. Voqea guvohlarining Ozodlikka aytishicha¸ aka jinoyat joyidan g‘oyib bo‘lgan va keyinchalik ushlanib, hibsga olingan. Ko‘kragiga pichoq sanchilgan uka esa og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan va bir kun o‘tib jon bergan.
Voqea guvohlarining Ozodlikka aytishicha, farg‘onalik aka va uka o‘rtasidagi janjal mashina ustida chiqqan:
- Oilada bitta mashina. Ukasi mashinani qaergadir haydab ketgan. Kechqurun uka ichib mashinada mast holda uyiga kelayapti. Aka kutaverib jahl ustida ukasining ko‘kragiga pichoq urayapti - deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan oltiariqliklardan biri.
Qo‘shnilardan yana biri esa janjal mashina ustida bo‘lmagani, akasi ukasini ichkilik ichib kelib janjal ko‘targani uchun pichoqlaganini aytdi: "Pichoq yeb o‘lgan, yigit ichib kelib uyida janjal qiladigan odati bo‘lgan, akasi bu qilig‘idan zerrikan va pichoq urgan", - deb aytdi.
Farg‘ona viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimi Ozodlikka o‘z ukasini pichoqlagan shaxs (Ozodlikka bu shaxs ismi-sharifi ma’lum - tahr.) ning hech qaerda ishlamasligi¸ unga nisbatan "Odam joniga qasd qilishga urinish" moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi:
- Hozir ukasini pichoqlagan shaxs hibsda ushlab turilibdi, tuman prokuraturasi tergov olib borayapti. U qilgan ishidan pushaymon. Ukasi Doniyor Sobirov 33 yoshda edi. Oltiariq tumani kasalxonasining jonlantirish bo‘limida 27 mart kuni olamdan o‘tdi, - dedi ichki ishlar xodimi.
Oltiariq tumani kasalxonasining Ozodlik gaplashgan vrachlari Doniyor pichoqlangan paytda ko‘p qon yo‘qotgani va kasalxonaga o‘ta og‘ir ahvolda olib kelingani bois uning hayotini saqlab qola olmaganliklarini aytishdi.
Oltiariq tumani hokimligi mulozimi Yangiqo‘rg‘on qishlog‘idagi aka-uka o‘rtasidagi pichoqlashuv 27 mart kuni tuman hokimi ishtirokidagi majlisda muhokama qilinganini bildirdi:
- Afsuski, ma’naviy so‘qirlik, mol-dunyo, uy-joy ustidagi tortishuvlar aka-uka, ota-o‘g‘ilni nafaqat yuz ko‘rmas qilayapti, balki bu kabi fojialarni keltirib chiqarayapti. Namunali oila ekan. Har ikkisining ham farzandlari bor ekan. Arzimagan narsa deb¸ bir oilada uka vafot etdi, aka qamaldi, farzandlar yetim qolayapti, - dedi Oltiariq tumani hokimligining ismini aytmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda .
O‘zbekistonda maishiy muammolar negizida sodir bo‘lgan boshqa shu kabi fojialar to‘g‘risida Ozodlik ilgari bir necha bor xabar qilgan.
Xususan¸ 14 mart kuni Samarqandda uka uy talashib, o‘z akasi va yangasini bolta bilan chopib o‘ldirgan edi.
O‘tgan yil sentabr oyida Surxondaryoning Termiz shahrida uch farzandning onasi qaynoanasi bilan uy-joy ustida talashib, uyiga o‘t qo‘yishi oqibatida 72 yoshli qaynona o‘tda yonib halok bo‘lgan¸ 9 yashar o‘g‘il esa kuyish jarohati olgan edi.
2017 yilning avgustida esa Farg‘onada 51 yoshli ota mashina ustida talashib, 27 yoshli o‘z o‘g‘li ustiga benzin quyib, yoqib yuborgan edi