Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida aholining tabiiy gaz, elektr quvvati va suvdan qarzdorligini aniqlashga maktab o‘quvchilari jalb etildi.
26 mart kuni tumandagi har bir maktabning 6-9 sinf o‘quvchilariga uyidagi gaz, elektr va suv o‘lchagichlari ko‘rsatkichlari va oxirgi to‘lovlar haqidagi ma’lumot so‘ralgan anketani uch kun ichida to‘ldirib kelish vazifasi yuklatildi.
Anketani berilgan muhlatda to‘ldirib kelmaganlar “qoniqarsiz baho” qo‘yilishi haqida ogohlantirildi.
Farzandi Yangiyo‘l tumanidagi 5- sonli maktabga boradigan Natalya Verchenkoning Ozodlikka aytishicha, gaz, elektr va suv o‘lchagichlari ko‘rsatkichlari va oxirgi to‘lovlar haqidagi ma’lumot so‘ralgan anketa uning 6-sinfga boradigan qiziga ham berilgan.
- Nima asosda maktab ota-onalarning uy to‘lovlari, kommunal qarzdorligiga qiziqyapti? Bunga maktabning nima aloqasi bor? Nega Majburiy ijro byurosi bajarishi kerak bo‘lgan ishni o‘quvchilar qilishi kerak? Meni shu savollar o‘ylantiryapti. Bundan tashqari anketani to‘ldirib bormaganlar qoniqarsiz baho olishlari haqida ogohlantirilibdi. Bu faqat bizning 5-sonli maktabdami yoki barcha maktablarda bo‘lyaptimi?, - deydi farzandi Yangiyo‘ldagi 5-sonli maktabga boradigan Natalya Verchenko.
Ozodlik muxbiri Yangiyo‘l tumanidagi bir necha maktabga qo‘ng‘iroq qildi va u maktablarda ham o‘quvchilarning kommunal to‘lov anketasini to‘ldirishga vazifalantirilganliklarini aniqladi.
Bu uyga vazifa emas...
Tumandagi maktab direktorlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda bu haqdagi buyruq Majburiy ijro byurosi so‘rovi asosida tuman hokimligidan berilganini aytdi.
- O‘quvchilarga ertagacha muhlat berilgan. Knijkaning raqamini, hisoblagichdagi gaz, svet, suv ko‘rsatgichlarini to‘ldirib, olib kelib berishlari kerak. Bu o‘quvchilarga berilgan uy vazifasi emas, buyruq. Majburiy ijro xodimlari uyma-uy yurib odamlar tinchligini buzmasin, deb shunaqa qilinyapti. O‘quvchilar to‘ldirib kelgan anketadagi ma’lumotlar kompyuterga solinadi. Qarz bo‘lsa, keyin uylariga pochta orqali xatlar yuboriladi, qarzlar undiriladi, - dedi tumandagi ismi sir qolishini istagan maktab direktorlaridan biri.
Yangiyo‘l tumanidagi boshqa bir maktabning direktori ham tuman hokimligidan shunday buyruq bo‘lgani va shu buyruq asosida o‘quvchilarga anketalar tarqatilganini aytdi.
- Hokimiyat bizga yordam beringlar, deb iltimos qildi. Keyin Majburiy ijrodagilar anketalarni bizga olib kelib berishdi. Biz hokimiyatning topshirig‘ini bajaryapmiz, - dedi maktab direktori.
MIB: Balog‘atga yetmaganlarni bunday ishga jalb etish noto‘g‘ri
Farzandi Yangiyo‘l tumanidagi 1-sonli maktabga boradigan Bahodir aka o‘zi va boshqa ota-onalarni ham kommunal qarzdorlikni aniqlashga o‘quvchilar ishga solinganidan taajjubda ekanligini aytadi.
- O‘zlari kelishsa bo‘ladiku? Majburiy ijrodagilarni ishiku bu, nima qiladi bolalarimizni bu ishga aralashtirib? Meni uyimdagi ma’lumotni nega maktabdagilar bilishi kerak?, - deydi Bahodir aka.
Ozodlik mazkur xolat yuzasidan Yangiyo‘l tumani hokimligiga bog‘landi.
Hokimlik mulozimi bu haqda Ozodlikka izoh berishni istamadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida tashkil etilgan Majburiy ijro byurosi matbuot xizmatining Ozodlik bog‘langan mulozimi esa: "Bu xolatdan xabarimiz yo‘q, kommunal to‘lov qarzlarini aniqlash ishiga balog‘atga yetmaganlarni jalb etish noto‘g‘ri va biz bunaqa topshiriq bermaganmiz", - deb javob qildi.
Yangiyo‘l tuman Xalq ta’limi bo‘limi mulozimi esa, Ozodlik savoliga javoban o‘quvchilarning anketa to‘ldirishga jalb etilishining o‘quv jarayoniga aloqasi yo‘qligi, bu o‘quvchilarning baholariga ham ta’sir etmasligini aytdi.
- O‘quvchilarga to‘ldirib kelmaganlarga "2" baho qo‘yiladi, deb aytilayotgani yo‘q. Bu bo‘lmagan gap. Bu o‘qishdan tashqari jamoatchilik ishi, - dedi Yangiyo‘l tumani Xalq ta’limi bo‘limi mulozimi.
O‘quvchilar ham mas’uliyatga o‘rgansin-da...
Yangiyo‘l tumanidagi maktab o‘qituvchilaridan biri o‘quvchilarning kommunal qarzdorlikni aniqlashga jalb etilgani ularni kichkinaligidan mas’uliyatni his qilishga o‘rgatishda foydadan xoli bo‘lmaydi, degan fikrni bildirdi.
- Majburiy ijro uyma-uy yurmaylik, o‘quvchilarning o‘zlari to‘ldirib kelsin, deyapti. O‘quvchilar ixtiyoriy qilyapti, nimasi yomon buning? Hech kim ularga to‘ldirmasang "2" baho qo‘yamiz, deyotgani yo‘q. O‘quvchilarimiz ham mas’uliyatni xis qilishni o‘rgansin-da, - deydi yangiyo‘llik o‘quvchi.
O‘tgan yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Bosh prokuratura huzurida tuzilgan Majburiy ijro byurosi MIB aholining elektr va gazdan qarzini majburan undirishga kirishdi.
Yangi tartibga ko‘ra, qarz to‘lanmagan taqdirda undiruv majburiy tartibda qarzdorning mol-mulkiga qaratiladi hamda uning O‘zbekiston hududidan chetga chiqishi taqiqlanadi.
O‘tgan davr ichida MIB vakillari aholiga kuch qo‘llayotgani va ikki o‘rtada janjal chiqqani holatlari haqida Ozodlik xabar bergan.