O‘zbekiston prezidentining sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasi xodimlarini obodonlashtirish ishlariga jalb etishni qat’iy taqiqlash haqidagi ko‘rsatmasiga qaramay, Farg‘onaning Quvasoy shahrida shifokorlar ko‘cha tozalashga jalb etilgani ma’lum bo‘ldi.
Quvasoy shahar Tibbiyot birlashmasining ismi sir qolishini istagan xodimi Ozodlikka vrach va xamshiralar ko‘cha tozalash ishlariga olib chiqilgani sabab, shifoxona va poliklinikada bemorlar navbat kutib qolishganini aytdi.
Shuningdek, Ozodlik Farg‘ona viloyatining boshqa tuman va shahrlarida ham shifkorlar va ta’lim sohasi xodimlari hamda talabalar “hashar” deb atalayotgan ko‘cha tozalash ishiga jalb etilganini aniqladi.
Quvasoy shahar Tibbiyot birlashmasining Ozodlik suhbatlashgan bir necha xodimi shahar hokimining og‘zaki buyrug‘i bilan har juma obodonlashtirish ishlariga majburlanayotganliklarini tasdiqladi.
- Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning o‘kituvchi va tibbiyot xodimlari, talabalarni majburiy mexnatga olib chiqish hakida tanqidiy so‘zlarini inobatga olmagan Quvasoy shahar hokimi Adham Ziyovutdinov tibbiyot birlashmasi vrach va hamshiralarini ko‘cha tozalash ishlariga olib chiqib ishlatmoqda, - dedi birlashmaning ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan xodimi.
Ozodlik Quvasoy Tibbiyot birlashmasi xodimlarining ushbu shikoyati yuzasidan munosabat olish uchun Quvasoy shahar hokimining muovini Mirzaanvar To‘ychievning telefoniga qo‘ng‘iroq qildi.
Muloqot boshida o‘zining hokim muovini To‘ychiev ekanini tasdiqlagan mulozim Ozodlik muxbiri savollarini eshitgach, “boshqa joyga tushdingiz”, - deb telefonni qo‘yib qo‘ydi.
Quvasoy shahar Tibbiyot birlashmasining rahbar xodimlaridan biri esa, Ozodlik bilan suhbatda birlashma xodimlari har juma hokim buyrug‘i bilan kasalxona atrofida ular uchun ajratilgan joyni tozalashga olib chiqilayotganini tasdiqladi.
- Har juma o‘zimizni territoriyaga chiqiladi. Keyin hokimiyat tomonidan kasalxona oldida territoriya bo‘lib berilgan, shu erga chiqiladi. Hokimning obodonlashtirish bo‘yicha yordamchisi bor, shu odam kurirovat qiladi. Asosan texnik xodimlar va sanitar vrachlarni chiqaryapmiz, ular ham o‘z xohishi bilan chiqishyapti, - dedi Tibbiyot birlashmaning Ozodlik suhbatlashgan mulozimi.
Shuningdek, Ozodlik Farg‘ona viloyatining boshqa tuman va shahrlarida ham shifkorlar va ta’lim sohasi xodimlari hamda talabalar “hashar” deb atalayotgan ko‘cha tozalash ishiga jalb etilganini aniqladi.
Jumladan, Farg‘ona davlat universitetining talabalari prezident ko‘rsatmasiga zid ravishda kunlik hashar ishlariga olib chiqilgan.
- Chiqmagan talaba o‘qishdan haydaladi, deb ogohlantirishdi. Prezident bir tomondan gapiraveradi, hokimlar o‘z bilganini qilaverar ekan-da, - deydi Farg‘ona davlat universitetining 3-kurs talabasi.
Eslatamiz, 17 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Komil Allamjonov jurnalistlar uchun brifing o‘tkazib, byudjet xodimlari va talabalarni jamoat ishlariga majburlash taqiqlanishi, bunga yo‘l qo‘yganlarga nisbatan jinoiy javbogarlikkacha bo‘lgan choralar ko‘rilishi mumkinligini aytgandi.
O‘z chiqishida Allamjonov prezident Shavkat Mirziyoevning Samarqandga tashrifi oldidan obodonlashtirishga jalb qilingan o‘qituvchining o‘limiga sabab bo‘lgan mansabdorlar ham javobgarlikka tortilishini ma’lum qilgandi.
Shu yilning 14 mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi, 23 yoshli Diana Yenikeeva katta yo‘ldagi to‘siqlarni oqlash chog‘ida yuk mashinasi urib ketishi oqibatida vafot etgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyat prokuraturasi majburiy mehnatga jalb etilgan o‘qituvchi Diana Yenikeevaning fojeali o‘limi surishtiruvi natijasida Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligining 2 mulozimi ishdan olingan.
Prokuraturaning Facebook tarmog‘ida e’lon qilingan rasmiy xatida aytilishicha, Kattaqo‘rg‘on tumani Xalq ta’limi bo‘limi mudiri va Diana ishlagan 42-maktab direktori ishdan olingan.