Линклар

Шошилинч хабар
12 сентябр 2025, Тошкент вақти: 03:54

Toshkentlik faollar: Kunlab ovqat yemayotgan urush faxriylari bor! (VIDEO)


Sergeli tumanining "Yorqin hayot" mahallasidagi bir xonalik kvartirada yolg‘iz yashayotgan mehnat fronti faxriysi Zaytuna Sayfullina.
Sergeli tumanining "Yorqin hayot" mahallasidagi bir xonalik kvartirada yolg‘iz yashayotgan mehnat fronti faxriysi Zaytuna Sayfullina.

9 may - Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanayotgan ayni kunlarda¸ O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari urush faxriylariga ko‘rsatilayotgan izzat-ikrom haqida maxsus dasturlar hozirlamoqda.

Ularda oilasi¸ mahalla-ko‘y¸ qolaversa¸ hukumat e’zozida yashayotgan urush va mehnat jabhasi faxriylarini ko‘rish mumkin.

Islom Karimov¸ qolaversa¸ Shavkat Mirziyoev yil sayin siyraklashib borayotgan bunday faxriylarga moddiy va ma’naviy¸ qolaversa¸ tibbiy yordam ko‘rsatishga doir qator hujjatlarni imzolagan.

Bu qarorlar umumiyatla ijro etilayotgan bir paytda¸ ayrim faxriylarning qarovsiz qolayotgani ham kuzatilmoqda.

Тошкентлик фаоллар: Кунлаб овқат емаëтган уруш фахрийлари бор!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:50 0:00

Toshkent shahridagi “Boshqird tatarlari jamiyati” 9 may - Xotira va qadrlash kuni arafasida Ozodlikka qarovsiz qolgan faxriylardan ikkitasining ayanchli ahvoli haqida ma’lumot yo‘lladi.

“Boshqird tatarlari jamiyati” faoli Albina Sultonova 8 may kuni Ozodlikka¸ Sergeli tumanining "Yorqin hayot" mahallasidagi bir xonali kvartirada yolg‘iz yashayotgan mehnat fronti faxriysi Zaytuna Sayfullina uch yildan buyon tuzuk-quruq ovqat yemaganini aytadi. Unga ko‘ra¸ yurolmay qolgan 91 yashar bu mehnat faxriysi birovning yordamisiz yuvina olmaydigan holga tushgan.

Sultonovaga ko‘ra¸ bunday yordamga muhtoj qariyalarga xizmat ko‘rsatishi lozim bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligining Tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha boshqarmasi xodimlari bu ayol holidan mutlaqo xabar olmay qo‘ygan:

- Urush faxriysining 11 kun bir o‘zi qolib ketganini aniqladik. Och qolib ketgan. U o‘zi mustaqil ovqat yeyolmaydi, mustaqil vanna ham qabul qilolmaydi, muntazam qarov kerak. Qarzdorligi sabab¸ uyini issiq suvdan ham uzishgan. Har kuni holidan xabar olishi kerak bo‘lgan Sergeli tumani tibbiy-ijtimoiy yordam xodimlari kelmagan, - deydi Albina Sultonova.

Zaytuna Sayfullina urush yillarida Boshqirdistonda qurol zavodida ishlagan.

Urush tugaganidan so‘ng O‘zbekistonga kelgan va Toshkent shahar transport boshqarmasida ishlagan.

Mehnat fronti fahriysi o‘n kunlab bir o‘zi qolib ketgan.
Mehnat fronti fahriysi o‘n kunlab bir o‘zi qolib ketgan.

“Boshqird tatarlari jamiyati” faoli Albina Sultonova Rossiya elchixonasining moliyaviy ko‘magida yolg‘iz qolgan tatar-boshqird faxriylariga yordam berish yo‘lga qo‘yilganini aytadi:

- Barmoq bilan sanarlik darajada qolgan urush faxriylarining Toshkentda bu qadar ayanchli darajada kun ko‘rishidan odam dahshatga tushadi. 91 yoshli veteran 10 kun bitta pampersda qolib ketgan. Biz shu ahvolni ko‘rib, ularga Rossiya elchixonasi ko‘magi bilan yordam qilishga harakat qilayapmiz, - deydi Sultonova.

Mehnat fronti faxriysi Zaytuna Sayfullina.
Mehnat fronti faxriysi Zaytuna Sayfullina.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning 1995 yil 27 mayda imzolagan “O‘zgalarning ijtimoiy yordamiga muhtoj keksalar va nafaqaxo‘rlar, nogironlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish” to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq¸ tibbiy-ijtimoiy muassasa xodimlari bunday toifadagi odamlar holidan xabar olib turishi kerak.

Sergeli tumanidagi “Tibbiy-ijtimoiy markaz” mas’ullaridan biri Dilfuza To‘xtaeva Ozodlik bilan suhbatda urush faxriylarining qarovsiz qolganiga oid Ozodlikka bildirilgan iddaolarni rad etishga urindi:

- Sergeli tumanida 40 ta faxriy bo‘lsa¸ shularning har biriga ijtimoiy markazdan bir odam qaraydi, kechasi mahalladan odam berkitilgan. Ularga pensiyasidan tashqari 170 ming so‘mlik oziq-ovqat har oyda beriladi. Pensiyasini o‘zi oladi, imzo qo‘yib. Keyin pampersga ishlatiladi, nima xohlasa¸ shu pulga olib kelib beriladi. Uyi qarz bo‘lsa¸ 2012-2013 yildagi qarzlari qolib ketgan, u paytda bu ayol qaramog‘imizda bo‘lmagan, shundan qarz bo‘lib ketgan. U qarz uchun biz javob bermaymizku, - deydi Dilfuza To‘xtaeva.

“Boshqird tatarlari jamiyati” faoli Albina Sultonovaning aytishicha, qarovga muhtoj faxriylar orasida uyini holidan muntazam xabar olishni taklif etadigan kvartira qalloblariga in’om qilib, o‘zlari ko‘chada qolganlari ham bor:

- Yana bir urush faxriysi bor, Nuralieva Oktyabrina, u deyarli ko‘chada qolgan. Kvartirasi qo‘lma-qo‘l bo‘lgan. Qarab turamiz, deb kimlardir kvartirasiga egalik qilib, o‘zi ko‘chada qolgan. Hozir bu ayol Mirobod tumanidagi oldingi "Mashinasozlar" yotoqxonasida yashaydi, u ham yordamga muhtoj, - deydi Albina Sultonova.

Mehnat fronti faxriysi Oktyabrina Nuralieva.
Mehnat fronti faxriysi Oktyabrina Nuralieva.

Mehnat faxri​ylari gapira olmaydigan ahvolda ekani bois, Ozodlik ularning o‘zlari bilan suhbatlasha olmadi.

Sergeli tuman Sog‘liqni saqlash bo‘limi qoshidagi Tibbiy-ijtimoiy markaz mas’ullaridan biri Dilfuza To‘xtaeva Ozodlik bilan suhbatda urush faxriylarining uylariga egalik qilishga urinayotgan qalloblar borligini e’tirof etadi:

- Bizning qaramog‘imizdagi qariyalarni uyiga borsak¸ qandaydir shubhali odamlar o‘zlaricha g‘amxo‘rlik qilayotganini ko‘ramiz. Qariyalar ham bir-ikki kilo go‘sht olib kelib bersa¸ ularga uyini in’om qilishga rozi bo‘lib turadi. Lekin hozir ko‘pchilik veteranlar buni biladi. Uylarini zapretga qo‘ygan. Chunki bular davlat muhofazasida, uylari ham. Hech kim sotolmaydi, hech kim ololmaydi. Mabodo olamdan o‘tsa, olti oy ichida hech kim chiqmasa, qarindoshi merosxo‘ri chiqmasa, davlat hisobiga o‘tadi. Bironta nogironga beriladi, bolalar uyidan chiqqan oilaga beriladi, - deydi Dilfuza To‘xtaeva.

Ikkinchi jahon urushi davrida qariyb 1,5 million o‘zbekistonlik frontga ketgan; ulardan yarmiga yaqini uyiga qaytmagan.

“Nuroniy” jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda hozir 1800 dan ko‘proq urush faxriysi qolgan. Ko‘pchiligining yoshi 90 dan oshgan urush faxriylari sonining keyingi 10 yil ichida to‘rt baravarga kamaygani aytiladi.

XS
SM
MD
LG