O‘zbekistonda onlayn to‘lovlarni amalga oshiruvchi Uzpaynet shirkatining tugatilib, tizimning to‘laligicha "Xalq banki" tasarrufiga o‘tkazilishi ushbu savdo belgisi ostida shoxobcha ochib, kun ko‘rib kelayotgan tadbirkorlarni tashvishga solmoqda.
Ozodlik suhbatlashgan "paynetchi"lar kuniga millionlab so‘mlik to‘lov amalga oshiriladigan shoxobchalari yopilib ketishi mumkinligidan xavotirda ekanliklarini aytishdi.
Uzpaynet va "Xalq banki"ning Ozodlik bog‘langan vakillari esa¸ bu o‘zgarishdan hammaga¸ xususan¸ mijozlarga manfaat etajagini iddao qildi.
Paynet agentlari daromadsiz qolishdan xavotirda
Andijonda Paynet to‘lov qabul qilish shoxobchasiga ega bo‘lgan xususiy tadbirkorlardan biri Ozodlik bilan suhbatda Uzpaynet shirkatining tugatilishi va tizimning to‘laligicha "Xalq banki" tasarrufiga o‘tkazilishi o‘zi kabi paynetchi agentlarni shu paytgacha ko‘rib kelgan 2 foizlik foydadan quruq qoldirishini aytadi:
- Shu paytgacha biz “Uzpaynet” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma tuzib, 2 foizlik foyda bilan to‘lovlarni amalga oshirib keldik. Endi bilishimizcha, MChJ tugatilayapti. Hammasi "Xalq banki"ga o‘tkazilayapti. Bizga aytishlaricha, agentlar bilan boshqatdan shartnoma tuzilar ekan, ko‘proq bank foydasiga bo‘lar ekan buyog‘iga, - deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan andijonlik paynetchi.
Toshkentlik Tohir ham o‘zining Mirobod bozori yonidagi “Paynet” shoxobchasida kuniga 5 million so‘mlik to‘lovni amalga oshiradi.
- Hozir endi "Xalq banki" bilan shartnoma bo‘lar ekan. Banklarda pul yo‘q. Hamma pul biz orqali aylanadi. Bularning maqsadi ham foydani banklarga burish. Bizning foydamiz qanaqa bo‘ladi, bilmaymiz. Hamma hozir nima qilishini bilmaydi. Agar foyda bo‘lmasa¸ yopamiz, deb turibmiz. Bu borishda Paynet o‘rnini "Xalq banki" shoxobchalari egallab, umuman yo‘qolib ketsa kerak, - deydi Tohir.
"Xavotirga o‘rin yo‘q!"
O‘zbekistonda 25 mingdan ortiq to‘lov shoxobchalariga ega Uzpaynet onlayn to‘lovlarni amalga oshiruvchi shirkatning yopilishi, tizim to‘laligicha "Xalq banki" tasarrufiga o‘tkazilishini shirkat huquqshunosi Ozodlikka tasdiqladi.
Ismi sir qolishini istagan Uzpaynet shirkati huquqshunosi "xavotirlarga o‘rin yo‘q, “Paynet”lar qanaqa ishlagan bo‘lsa¸ shunaqa ishlaydi", deb aytdi.
- Faqat "Xalq banki" qoshiga o‘tamiz. Oldin MChJ bo‘lib ishlagan bo‘lsak, hozir filial bo‘lib ishlaydi. Boshqa qanaqa o‘zgarish bo‘ladi¸ aytolmayman, - dedi Uzpaynet shirkati huquqshunosi.
Ozodlik suhbatlashgan "Xalq banki" matbuot xizmati mulozimi esa¸ tizimning yana ham takomillashtirilishi, Paynet shoxobchalaridagi suiste’molliklarga chek qo‘yilishini aytdi:
- Biz qaytanga bu tizimni takomillashtiramiz. Hozir, bilsangiz Paynet shoxobchalarida suiste’molliklar ko‘payib ketgan. Mijozlardan pul o‘tkazish uchun qo‘shimcha haq olish holatlari ko‘p uchraydi, bunga chek qo‘yiladi. Chunki paynetchi shundoq ham foiz oladi, bundan tashqari mijozlardan ham olayapti, bunga yo‘l qo‘yilmaydi. "Xalq banki" yana qo‘shimcha zamonaviy xizmat turlarini joriy qiladi. Faqat endi Paynet bizning bankimiz tizimida bo‘ladi. Bankimiz mamlakatdagi eng yirik bank. Joylarda 200dan ortiq filialimiz bor, - dedi "Xalq banki" matbuot xizmati mulozimi.
Ayni paytda¸ "Xalq banki" vakili paynetchilar bilan imzolanajak yangi shartnomalar mohiyatiga oid biror ma’lumot bera olmasligini aytdi.
Yangi monopoliyaga ochilgan yo‘l?
Paynet tizimining to‘lig‘icha "Xalq banki tasarrufiga o‘tkazilishi haqidagi xabar o‘zbekistonlik iqtisodchi va moliyachilar orasida ommalashgan ijtimoiy tarmoqlarda munozaraga asos bo‘ldi.
Bu jarayonni sharhlagan ayrim iqtisodchilar¸ O‘zbekistondagi naqd pul "xazina"si bo‘lib kelgan bu tizimning hozircha nomlari tilga olinmayotgan hokimiyatga yaqin shaxslar monopoliyasiga o‘tish ehtimolini tilga oldi.
"Paynet (aqli xushi bor o‘zbek uchun barcha to‘lov tizimi paynet edi) o‘z vaqtida yangi texnologik kompaniya sifatida kirib kelgan edi. Keyinchalik paynet reyderlik bosimi ostida yirik qo‘llarga o‘tib, uning monopollashuviga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilindi. Bozordagi boshqa umidli o‘yinchilar o‘z-o‘zidan biznesini yig‘ishtirishga majbur bo‘ldi.
Keyinchalik naqd pul muammosi bor davrlarda paynet juda ko‘pchilikning boqi-beg‘am daromad manbaiga aylandi. “Obnalchilar” uchun Paynet muhim qozon edi. Adashmasam, Xalq bankining paynetdagi ulushi 90%dan ortiq (yuristlar aytishicha, paynetning asosiy ta’sischisi Xalq banki ekan - to‘ldirildi) va aynan paynetdan olingan dividendlar 2008 yildan beri Xalq bankini rentabelli holatda ushlab kelgan.
Keyinchalik mobil to‘lov tizimlari ko‘payishi, qolaversa, yangi pul-kredit siyosati paynetning daromadini kamaytira boshladi. Ko‘p o‘tmay paynet o‘z agentlariga foiz ajratmay qo‘ydi. Qolaversa, paynet teshiklari (yopilmagan kliringlar) - infokioskalar, dilerlar bilan hisob-kitoblar, kommunal to‘lovlarda yig‘ilib qolgan summa kapitalidan oshib ketgan. Bugun esa uning tugatilishi e’lon qilindi.
Katta ehtimol paynetning tugatilishi bilan ushbu bozorda mutlaqo yangi, monopol o‘yinchi paydo bo‘lsa, ajab emas"¸ deb yozdi Telegramdagi davletovuz iqtisodiy yangilik va tahlillar kanali.
Uzpaynetni "Xalq banki"ga o‘tkazish - prezident qarori
Joriy oy boshida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev "Xalq banki" va “Mikrokreditbank”ining moliyaviy holatini yaxshilash hamda faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qaror chiqardi.
Adliya vazirligi axborot xizmatining xabar qilishicha, "qarorga muvofiq “Uzpaynet“ MChJ tugatilib¸ "Xalq banki"da jismoniy shaxslardan etkazib beruvchilar oldidagi o‘z pullik majburiyatlarini bajarish uchun to‘lovlar qabul qilish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tarkibiy bo‘linma tuziladi".
Hozircha Uzpaynetning qachondan "Xalq banki" tasarrufiga o‘tkazilishi rasman e’lon qilinmadi.
"Xalq banki" vakili ungacha Paynet shoxobchalari odatdagidek ishlashi, tizim to‘laligicha bank tasarrufiga o‘tkazilganidan keyin ham Uzpaynet savdo belgisi saqlanib qolinishini aytdi.
UzPayNet shirkati rasmiy saytida berilgan ma’lumotga ko‘ra, hozir respublika bo‘yicha 25 mingdan ortiq to‘lov qabul qilish shoxobchasi bor.
Shirkat O‘zbekistonda 2005 yilda ish boshlagan. Hozir uning aynan kimga qarashli ekani haqida rasmiy saytda aniq ma’lumot berilmagan.
Ozodlik suhbatlashgan shirkat huquqshunosi ham bu ma’lumotni oshkor qilolmasligini aytdi.
Bundan avval onlayn to‘lovlarni amalga oshiruvchi Uzpaynet tizimini mustaqil O‘zbekistonning 1-prezidentining qizi Gulnora Karimova o‘ziga yaqin shaxslar¸ xususan¸ Gayane Avakyan orqali nazorat qilib kelgani aytilgan.
Ozodlik ega bo‘lgan hujjatlarga ko‘ra, Uzpaynet Gibraltarda ro‘yxatga olingan Takilant Ltd shirkatiga qarashli¸ Takiland egasi esa¸ aynan Avakyan bo‘lgan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2017 yil iyul oyida Karimovaga soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirgan edi.
2014 yilda esa Karimovaga yaqin ko‘rilgan 10 nafar shaxs¸ xususan Avakyan xam jiddiy moliyaviy jinoyatlarda ayblab¸ qamoqqa olingandi.