Линклар

Шошилинч хабар
12 сентябр 2025, Тошкент вақти: 03:54

Samarqandda 16 yoshli o‘quvchi qiz molxonada osilgan holda topildi


Samarqand viloyati huquq-tartibot idoralari Kulbapoyon qishlog‘ida 16 yoshli qizning shubhali o‘limi yuzasidan tergov olib bormoqda. Samarqand tumani 45-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchisi N. M. 17 aprel kuni o‘z uyi molxonasida osilgan xolda topilgan edi. 16 yoshli qizning nega o‘z joniga qasd qilgani sababi ma’lum emas.

Marhumaning qo‘shnilaridan birining iddaosicha, qiz o‘zini osishidan oldin o‘qituvchisi bilan uzoq vaqt janjallashib kelgan.

- O‘qituvchisi ko‘p azob bergan. Shu azobga chiday olmagan, o‘zini osgan deyishyapti. Yosh umrini hazon qildi, - deydi marhumaning qo‘shnisi.

Samarqand tumanidagi 45-sonli maktab rahbariyati esa o‘quvchi o‘limi yuzasidan izoh berolmasligini aytdi.

Kulbapoyon qishlog‘i mahalla yig‘ini faollaridan biri Karim Sattorov Ozodlik bilan suhbatda qizga o‘qituvchisi azob berib kelgani haqidagi iddaolar yuzasidan shaxsan uning sinf rahbari bilan suhbatlashganini aytdi.

- Meni o‘zim maktabga shaxsan borib surishtirdim. O‘qituvchi qattiqqo‘l o‘qituvchi bo‘lgan ekan. Lekin, alohida bu qizga bosim qilmagan, hammaga qilgan. Darsga kelmaganlarning uyiga borgan, u ham ishini qilgan-da. Talabchan o‘qituvchi. Lekin, qattiqqo‘lligi bolalarni uradigan darajada emas ekan. Urish-purishlarini bolalardan ham surishtirib ko‘rdim, ular aytmadi. Bu qizni o‘qishi ham sal sustroq ekan. Lekin, juda jim qiz ekan. "Uni urishga ham xojat yo‘q edi, darsda jim o‘tirar edi, urishga loyiq ish qilmasdi", deb aytdi o‘qituvchisi. Endi qiz nimaga bunaqa qilgani borasida hali xulosa yo‘q. Prokuratura surishtiryapti, biron narsa deyish qiyin, - dedi mahalla faoli Karim Sattorov.

Samarqand tumani prokuraturasi mulozimi Ozodlikka N. M.ning o‘limi yuzasidan tergov olib borilayotgani va tergov vajidan bu haqda ma’lumot berolmasligini aytdi.

N. M. oilada to‘rt farzandning biri bo‘lgan. Ota-onasi fermer xo‘jaligi evaziga oilasini boqib kelishgan.

Marhumaning oila a’zolari Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashishga istak bildirishmadi.

O‘zbekistonda yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari uchrab turadi. Bu so‘nggi bir oy ichida Ozodlikka ma’lum bo‘lgan o‘zini osish bilan bog‘liq uchinchi xolatdir.

8 may kuni Toshkent Yuridik universitetidan haydalgan talaba o‘zini osgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

3 may kuni esa Toshkentning Yashnobod tumanidagi 69-son maktabning 9 sinf o‘quvchisi o‘z uyida osilgan xolda topilgandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘tgan yilning noyabr oyida mamlakatda ayollar o‘rtasida suiqasd holatlari soat sayin ortayotganini aytgandi.

Mirziyoev o‘z qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarning 70 foizi ayollarga tegishli ekanligini ta’kidlagan.

Prezident Xotin-qizlar qo‘mitasi nima ish qilishni bilmayotganini aytib, bunday tizimning kerakligini savol ostiga qo‘ygandi.

XS
SM
MD
LG