Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida bokira chiqmadi deb haydalgan qizning otasi turmushga chiqishidan oldin qizi bilan sevishgan 28 yoshli yigitni pichoqladi. Hodisa guvohlarining Ozodlikka aytishicha¸ voqea 10 may kuni Furqat tumanining Bekobod qishlog‘ida ro‘y bergan.
(Hodisa ishtirokchilarining ism-sharifi Ozodlikka ma’lum, lekin axloq qoidalari yuzasidan ochiqlamayotir.)
Voqeaning Ozodlikka yetib kelgan tafsilotlariga ko‘ra¸ Bekobod qishlog‘ida yashovchi 52 yoshli ota o‘zining yakkayu yolg‘iz qizini 8 may kuni hamqishlog‘iga turmushga uzatgan. To‘ydan ikki kundan so‘ng kuyov uni bokira emaslikda ayblab, uyidan haydab yuborgan.
Bu haqda Ozodlikka kuyovning qarindoshlaridan biri so‘zlab berdi:
- Bu qiz turmushga chiqishidan oldin ancha vaqt boshqa yigit bilan yurgan ekan. Bokira bo‘lmay chiqdi. U yigitning kimligini aniqlashtirib, qizning otasiga aytdik. Bizda bunaqa qizlarni kelin qilishmaydi. To‘yga shuncha xarajat qilingan bo‘lsa ham qizni qaytarib olib borib berib kelishdi, - dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan kuyovning qarindoshi.
Turmushga uzatgan qizi bokira chiqmadi¸ degan iddao bilan qaytib kelganidan g‘azabga tushgan ota¸ quda tarafdan qizining jazmani bo‘lganlikda ayblangan yigitning uyiga pichoq ko‘tarib borgan.
Hodisaga bevosita guvoh bo‘lgan qo‘shnilardan birining Ozodlikka aytishicha, ota qizining jazmani deb aytilgan yigitga "yo qizimni xotinlikka olasan, yo o‘ldiraman" deya pichoq bilan tashlangan.
- U yigit sergaklik bilan hujumni qaytardi. Lekin yelka qismi va bilagidan pichoq jarohati oldi. Ko‘p qon yo‘qotganligi va jarohati jiddiyligi sababli tuman tibbiyot birlashmasi Tez tibbiy shoshilinch markaziga yotqizishdi. Pichoq bilan hujum qilgan otani esa militsiya qo‘liga kishan solib olib ketdi. - deydi Ozodlik bilan suhbatda bekobodliklardan biri.
Ozodlik muxbiri pichoqlanib, kasalxonada yotgan yigitni topdi va u bilan suhbatlashdi.
Ismi ochiqlanmasligini istagan yigit bokira chiqmagani uchun badnom qilingan qiz bilan haqiqatan ham sevishib yurgani, lekin bunda na o‘zi va na qizni aybli hisoblashini aytdi:
- U qiz bilan to‘rt yil oldin, tanishib, gaplashib yurganman. Lekin qizni o‘shanda menga berishmagandi. Men hozir boshqa ayol bilan turmush qurganman, farzandim bor. Hozir endi qizning otasi meni oldimga pichoq ko‘tarib kelib, "qizimni buzgansan, u qilgansan, bu qilgansan, xotinlikka olasan, bo‘lmasa o‘ldiraman", deb menga pichoq bilan tashlanib ketdi. Yelkam va qo‘limni jarohatladi. Bunda mening aybim yo‘qku, - deydi pichoqlangan yigit.
Ozodlikka voqea tafsilotlari yuzasidan ma’lumot bergan Furqat tumani Ichki ishlar bo‘limi mulozimi janjalga aralashgan tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida hodisa bo‘yicha jinoyat ishi ochilmagani, jabrlangan tomonning da’vosi yo‘qligi sabab qo‘lga olingan shaxs qo‘yib yuborilganini ma’lum qildi.
Pichoqlangan yigit militsiya va mahallaning bosimi ostida "hech kimga da’voyim yo‘q", degan mazmunda til xat yozib berganini aytdi.
- Menga militsiyadagilar kelib, qo‘y, ishni yopti-yopti qilaylik¸ dedi. Men rozi bo‘ldim, - deydi jarohatlangan yigit.
Ayni paytda Bekobod qishlog‘i mahalla faollari bokira chiqmadi degan iddao bilan haydab yuborgan kuyov tomonni qizni qaytarib olishga ko‘ndirishga urinmoqda.
- Yoshlikda bo‘ladi. Balki bokiraligi buzilmagandir. Tushunmovchilik bo‘lgandir. Shuning uchun kuyov tomon bilan kelishib, qizni uning yoniga qaytarmoqchimiz, - dedi Ozodlik suhbatlashgan Bekobod qishlog‘i mahalla faollaridan biri.
An’anaviy o‘zbek jamiyatida qiz to‘yga qadar bokira bo‘lishi kerak degan aqida mavjud. Aks holda nikohning birinchi kuni bokira chiqmadi¸ deb topilgan qiz sharmandalarcha haydaladi. Ayrim oilalarda bu kabi qizlarni ota-onalari ham qabul qilmaydi.