Линклар

Шошилинч хабар
12 сентябр 2025, Тошкент вақти: 01:33

Eski pasport muddati tugashiga 1 oy qoldi. Pasport stollarida "ur-yiqit' boshlandi


Toshkent viloyati, Toshkent tumani pasport stolidagi 31 may kungi manzara.
Toshkent viloyati, Toshkent tumani pasport stolidagi 31 may kungi manzara.

O‘zbekistonda joriy yilning 1 iyulidan boshlab eski (nobiometrik) pasportlarning amal qilish muddati tugashi, shu muddat ichida eski pasportini yangi biometrik pasportga almashtirmaganlar javobgarlikka tortilishi haqidagi O‘zbekiston Respublikasi IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi​ogohlantiruvi ortidan mamlakatdagi pasport bo‘limlari oldida turnaqator navbatlar paydo bo‘ldi.

Rasmiylarga ko‘ra, 1 iyulgacha eski pasportini yangi biometrik pasportga almashtirmaganlar uch minimal oylik miqdorigacha jarimaga tortilishi mumkin.

Toshkent viloyati Toshkent tumanidan Telegram orqali xabar yo‘llagan mushtariy tumanning Pasport stoli binosi oldida biometrik pasport olish uchun yuzaga kelgan vaziyatni suratga olib Ozodlikka jo‘natdi.

“Boshliq konditsionerlik salqin xonada o‘tirib oddiy xalqqa qo‘pollik qilmoqda. Oddiy xalq pasport almashtirish uchun issiq dim koridorlarda navbat kutishga majbur”, - deb yozdi Toshkent tumanida pasport olishga navbatga turgan mushtariy.

Toshkent viloyati, Toshkent tumani pasport stolidagi 31 may kungi manzara.
Toshkent viloyati, Toshkent tumani pasport stolidagi 31 may kungi manzara.

Ozodlik muxbirining aniqlashicha, nafaqat Toshkent viloyati, balki mamlakatning deyarli barcha hududlaridagi Pasport bo‘limlari binolari oldida shu kunlarda turnaqator navbatlar yuzaga kelgan.

- Navbatga 69-inchi bo‘lib yozildim, - dedi Toshkentning Uchtepa tumani pasport stolida navbat kutayotgan 32 yoshli toshkentlik Tohir, - agar arizamni bugun topshirsam, bir oyda pasport tayyor bo‘lar ekan. Lekin, bugun navbatim kelishiga ko‘zim yetmayapti..

Ma’lumki, 1 iyuldan eski pasportlar amal qilish muddati tugaydi va yangi pasportni olishga ulgurmaganlar uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.

Toshkent shahar Pasport bo‘limi xodimi Ozodlik bilan suhbatda 1 iyulgacha eski pasportini yangi biometrik pasportga almashtirmaganlar uch minimal oylik miqdorigacha jarimaga tortilishlari mumkinligini aytdi.

- 1 iyulgacha yangi pasport olmaganlar yarim minimal oylikdan uch minimal oylikgacha jarimaga tortiladi. Ya’ni 86 ming so‘mdan 540 ming so‘mgacha jarima, - dedi Toshkent shahar Pasport bo‘limi xodimi.

Lekin, odatda 10 ish kunida berilishi kerak bo‘lgan pasport aksar viloyatlarda, jumladan Toshkent pasport stollarida ham bir oydan oshiqroq vaqtda berilmoqda.

Pasport stolidagilar pasport olish uchun murojaatlar ko‘payib ketgani bois pasport tayyorlash jarayoni cho‘zilib ketayotganini aytishdi.

- Bugun ariza topshirganlarga pasport 1 iyulgacha tayyor bo‘ladi. Odam juda ko‘p. Asosan chetda yurganlar va qariyalar. Avvaldan harakat qilishlari kerak edi. Pasport olishga to‘rt yil vaqt berildi, bir oy qolganda pasport almashtirish esiga tushyapti. - dedi Toshkentning Chilonzor tumani pasport stoli xodimi.

Aholiga pasportni almashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyat berish masadida IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda uning tumanlardagi bo‘limlari 26 maydan boshlab, tongi soat 9da emas, balki 8 da ish boshlashni yo‘lga qo‘ydi.

Shunga qaramay ayrim viloyatlarda pasport stoli oldida navbatlar nihoyatda ko‘pligi sababli ayrimlar 1 iyulgacha ham pasportini almashtirishga ulgurmasligi mumkin.

Pasportini almashtirish uchun Rossiyadan maxsus O‘zbekistonga kelgan buxorolik Zafar Olot tumani pasport stolida navbat ko‘pligi sababli uch kundan buyon ariza topshirolmayotganini aytadi.

- It egasini tanimaydi. U yoqdan ham ochered, bu yoqda ham ochered. Kimlardir tanish-bilish qilib bezochered kirib ketadi. Navbatga turinglar, desa, urush-janjal bo‘lib ketadi. Bunaqa ahvolda yangi pasportga arizani umuman topshirolmasam kerak, - deydi Zafar.

Buxoroning Olot tumani pasport stoli oldidagi manzara.
Buxoroning Olot tumani pasport stoli oldidagi manzara.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2015 yil 6 fevral kuni e’lon qilgan qarorga ko‘ra, joriy yilning 1 iyulidan boshlab o‘zbekistonliklarning eski (nobiometrik) turdagi pasporti muddati tugaydi.

O‘zbekistonda 2011 yilning yanvaridan boshlangan biometrik pasportga o‘tish jarayoni 2015 yilning dekabriga qadar to‘la yakunlanishi ko‘zda tutilgan edi.

Dastlab eski rusumdagi pasportlarning 2015 yil 31 dekabrigacha amalda bo‘lishi e’lon qilingan.

Keyinchalik Vazirlar Mahkamasi eski pasportlarning mamlakat ichidagi amal qilish muddatini 2018 yil 1 iyuligacha uzaytirdi.

Lekin xorijda eski pasport bilan yurgan O‘zbekiston fuqarosi amal qilish muddati tugamagan bo‘lsa, undan vataniga qaytish uchun uchinchi mamlakatlar hududi orqali tranzit o‘tishlari uchun bir martalik hujjat sifatida foydalanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG