Fojia 5 fevral kuni Oltiqariq tumani Poloson qishlog‘ida ro‘y berdi. Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, bolani bog‘chadan oladigan odam bo‘lmagach, bog‘cha opa uni boshqa bolalarga qo‘shib uyiga jo‘natgan; kechqurun bolaning chavaqlangan jasadi bog‘chadan bir kilometr narida topilgan. Qotillikda gumonlanib bir shaxs hibsga olingan.
Yaqinlarining Ozodlikka aytishicha¸ 5 fevral kuni o‘lik holda topilgan qiz Oltiariq tumanidagi 6-sonli bog‘cha tarbiyalanuvchisi 5 yashar Kibriyo G‘apporovadir.
Kibriyoning yorib tashlangan jasadi 5 fevral oqshomida u boradigan bog‘chadan bir kilometr naridagi temir yo‘l yoqasida topilgan.
Bu haqda qizning qarindoshlaridan biri Ozodlikka gapirib berdi:
- Bolani tanasining o‘ng tomoni qovurg‘asi yorilgan, ayrim qismlari majaqlangan. Bugun janazasi bo‘layapti, - dedi Kibriyoning qarindoshlaridan biri Ozodlikka 6 fevral kuni.
Oltiariq tumanidagi 6-sonli bog‘cha tarbiyachisining Ozodlikka aytishicha, Kibriyoning ota-onalari o‘tgan yil avgust oyida Turkiyaga ishlagani ketishgan, bola buvisi qaramog‘ida qolgan.
Bog‘cha xodimalaridan biri Ozodlik bilan suhbatda shu kuni Kibriyoni olgani hech kim kelmaganini aytdi:
- Uning amakivachchalarining bolalari ham bizni bog‘chada-da. Ular 6 yoshda. Bog‘cha hamshirasi Kibriyoni ularga qo‘shib, o‘zlarini uyiga jo‘natgan. Uylari bog‘chaga yaqin joyda-da. Lekin, bilsak bolalar uyiga etib bormagan. Qidirib-qidirib katta bolalarni topishdi, Kibriyoni topisha olishmadi. Ularning aytishicha, qandaydir velosipedli erkak bog‘chadan chiqishlari bilan qand olib beraman, deb qaergadir olib ketgan. Uzoqroq yurishgach, katta bolalarga sizlar turib-turinglar, biz Kibriyo bilan qand olib kelamiz, deb olib ketgan. Shu bilan qaytmagan. Kechqurun shunaqa bo‘lganini keyin biz eshitdik, - dedi 6-sonli bog‘cha xodimasi.
Ozodlik muxbiri Kibriyoning Turkiyadagi ota-onalariga bog‘landi. Ular Istanbuldagi tekstil fabrikalaridan birida ishlashi, yakkayu-yagona qizining o‘limini eshitib, O‘zbekistonga yo‘lga chiqishgani, hozirda gapira olmasliklarini aytishdi.
Oltiariq tumani prokuraturasi hozir mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 98-moddasi - "Qasddan odam o‘ldirish" bandi bo‘yicha ish ochib, hodisani tergov qilmoqda.
Jarayon tafsilotlaridan xabardor mahalliy rasmiyning Ozodlikka aytishicha¸ bolalarni kattalar hamrohligisiz uylariga jo‘natib yuborgan bog‘cha hamshirasi ichki ishlar bo‘limida so‘roq qilinmoqda.
Farg‘ona huquq-tartibot idorasi mulozimining Ozodlikka aytishicha, bolalarga qand olib beraman, deb ularni olib ketgan velosipedli erkak ushlangan va u ham hozirda ko‘rsatma bermoqda.
Hozircha qotillik motivlariga oid aniq ma’lumot yo‘q. Huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, ekspertiza qizning zo‘rlanmagani, tana a’zolari ham olinmaganini ko‘rsatgan.
Tergovchilar qizni poezd bosib ketgan, degan farazlarni ham o‘rganmoqda.
Ozodlik voqea tafsilotlarini o‘rganishda davom etadi.