Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tuman militsiyasi uy ustida talashib akasi va yangasini chopib o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan 46 yoshli Baxtiyor Shukurovni qidirmoqda.
Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, 14 mart kuni Kattaqo‘rg‘on tumanining Payshanba shaharchasida Baxtiyor Shukurov otasidan meros qolgan uydan chiqib ketishni talab qilib kelgan 58 yoshli akasi Abduqahhor va 55 yoshli yangasi Maqsudani bolta bilan chopib o‘ldirgan.
Qotillik ro‘y bergan xonadon qo‘shnilaridan birining Ozodlikka aytishicha, aka-uka shukurovlar orasidagi uy janjali bir necha yildan buyon davom etib kelgan va 14 mart kuni fojiali yakun topgan.
- Abduqahhor oilada katta o‘g‘il. Otasini uyidan ancha yillar oldin alohida chiqib ketgan. Uyda kichik o‘g‘il Baxtiyor xotini va bir farzandi bilan yashab kelayotgandi. Abduqahhor ancha boy odam. Shunday bo‘lsa ham ukasiga uydan chiqib ketasan, uy meniki degan. Uka unamagan, u kambag‘al, boradigan joyi yo‘q. Bir necha marta sudlashishdi. Oxiri Abduqahhor Majburiy ijro byurosi xodimlarini boshlab kelgan. Eshikni ochsa akasi, yangasi, majburiy ijro xodimlari turishibdi. Hozir, deb turib, boltani olib chiqib, oldin akasini, keyin yangasini chopib tashlaydi, hamma qochib ketadi, - dedi qotillik ro‘y bergan xonadon qo‘shnisi.
Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tuman Ichki ishlar bo‘limi uy ustida talashib akasi va yangasini chopib o‘ldirgani gumonlanayotgan 46 yoshli Baxtiyor Shukurov qidirilayotganini tasdiqladi.
IIBning ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi hodisa yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi, qasddan odam o‘ldirish bo‘yicha ish ochilganini aytdi.
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Baxtiyor Shukurov 2003-2014 yillar oralig‘ida qaroqchilik va qotillik ayblovlari bo‘yicha bir necha marta qamalib chiqqan.
Payshanba shaharchasidagi mahalla faolining Ozodlikka aytishicha, Abduqahhor Shukurov ukasi qamoqdaligida otasiga tegishli uyni o‘z nomiga rasmiylashtirgan.
- Bular ikki aka-uka. Otasidan uy meros qolgan. Lekin, aka qonunan o‘ziniki bo‘lgan uyni talab qilib borgan bo‘lib chiqyapti. Chunki ukasi qamoqdaligi payti otasining uyini o‘z nomiga rasmiylashtirgan. Oradan yillar o‘tib, ukasi qamoqdan chiqadi. Aka uy mening nomimda, chiqib ket, degan. Keyin mana shunaqa voqea bo‘lyapti, uy ustida talashgan ikki oila xonavayron bo‘lyapti, - dedi mahalla faoli.
Ozodlik chopib o‘ldirilgan Abduqahhor Shukurovning to‘rt farzandidan biri bilan suhbatlashdi.
Ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan marhumning farzandlaridan biri qonunan otasi nomidagi uy ustida janjal to‘rt yildan beri davom etib kelganini aytdi.
- Buvamdan qolgan katta yeri bor uy. Bilasiz, O‘zbekistonda katta o‘g‘il uylansa, boshqa uyga ko‘chib chiqadi. Otam tashlab chiqib ketdi shu xovlini. Amakim, ya’ni dadamning ukasi shu uyda qolgan. Oila qurdi, bolasi bor. Amakim qotillik, qaroqchilik bilan qamalaverdi, qamalaverdi. Uy qarovsiz qoldi. Keyin o‘sha uyga mening otam qarab keldi. Baxtiyor amakim qamalib chiqqanidan so‘ng, uch-to‘rt yil oldin uyga xo‘jayinchilik qilib oldi. Amnistiya bilan chiqib olib, hammani qo‘rqitib, shunaqa qildi. Hamma undan qo‘rqardi. Lekin, uy mening dadamning nomida-da. Sudlasha-sudlasha oxiri amakim dadamni va onamni o‘ldirdi. Majburiy ijro xodimlarining ko‘zi o‘ngida o‘ldirdi. Hammasi qochib ketibdi. Qo‘shnimiz telefon qilyapti, onang o‘lib yotibdi, jasadini olinglar, deb.
O‘zbekistonda maishiy muammolar negizida sodir bo‘lgan boshqa shu kabi fojealar to‘g‘risida Ozodlik bir necha bor xabar qilgan.
O‘tgan yil sentabr oyida Surxondaryoning Termiz shahrida uch farzandning onasi qaynoanasi bilan uy-joy ustida talashib, uyiga o‘t qo‘yishi oqibatida 72 yoshli qaynona o‘tda yonib halok bo‘ldi, 9 yashar o‘g‘il kuyish jarohati oldi.
2017 yilning avgustida esa Farg‘onada 51 yoshli ota mashina ustida talashib, 27 yoshli o‘z o‘g‘lini, ustiga benzin qo‘yib, yoqib yuborgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.