Yangiyo‘lda hokim fermer no‘xatini haydattirib paxta ektirdi

Toshkentning Yangiyo‘l tumanida fermer xo‘jalik yerlari paxta maydonlariga aylantirilishi va’ji bilan no‘xat ekinlari vayron qilingan.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida fermer xo‘jalik yerlari paxta maydonlariga aylantirilishi va’ji bilan ziroat ekinlari vayron qilingan. Tumandagi Grain Wheel fermer xo‘jaligi rahbari Alisher Tursunov Ozodlik bilan suhbatda bu yil 16 gektar maydongan chet elga eksport qilish uchun no‘xat ekkani, hokimlik esa o‘sib turgan no‘xatni ustidan haydab, ag‘darib, o‘rniga paxta urug‘i ektirganini aytdi. Ammo, Yangiyo‘l tumani hokimining o‘rinbosari​ fermerni no‘xatni noqonuniy ekkanlikda aybladi.

Yangiyo‘llik fermer Alisher Tursunov o‘zining Grain Wheel fermer xo‘jaligiga biriktirilgan 16 gektar yerga bu yil no‘xat ekib, paxtaga nisbatan bir necha baravar ko‘p daromad olishni rejalashtirgandi.

Lekin, fermerning Ozodlikka arz qilishicha, tuman hokimiyati o‘sib turgan no‘xat maydoni ustiga traktor haydab, o‘rniga paxta ektirgan.

- Toshkentdan kilosini 15 ming so‘mdan no‘xat urug‘i olib kelganman. Gektariga 100 kilodan urug‘ ketgan. 16 gektar maydonga ekdik. Bundan tashqari mineral o‘g‘it solganman,fosfor solganman, qaliy solganman, erni haydaganman, ekkanman. Qurtga qarshi dori sepganman. To‘rtta-beshta shoxli bo‘lib, qatta bo‘lib chiquvdi. Hokim kelib traktor tashlab hammasini vayron qildi, o‘rniga paxta ektirdi. Shuncha mehnat va mablag‘ zoe ketdi, - deydi jizzaxlik fermer Tursunov.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

“Grain Wheel” fermer xo‘jaligi rahbari Alisher Tursunov bilan suhbat.

Mutaxassislar O‘zbekiston majburiy mehnatga sabab bo‘layotgan paxta yakkahokimligidan voz kechib, mahalliy iqlimga mos bo‘lgan boshqa ekinlarni, jumladan dukkakli ekinlarni ekishni yo‘lga qo‘yish kerakligini aytishadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham o‘tgan yili iyun oyida Samarqandda fermer-dehqonlar bilan uchrashuv chog‘ida fermerlarning paxta yetishtirib daromad ko‘rmayotganligini e’tirof etgan va uni azobga tenglashtirgan edi.

Fermer Alisher Tursunov ham prezident aytganlarini e’tiborga olib, no‘xat ekkanini aytadi.

- Bizni bu yerga suv chiqmaydi. Shuning uchun bu yer kam suv talab qiladigan no‘xatga qulay. No‘xatdan ko‘proq foyda qilsa bo‘ladi, bu yerda. Birinchi ekinida 16 tonna no‘xat olsa bo‘ladi. Hozir bizni bozorda no‘xatni kilosi 10 ming so‘mdan tepada. Chet elga bundan ham qimmat eksport qilsa bo‘ladi. Men paxta ekishga qiynalayotganim yo‘q, vatanim uchun ekaman. Lekin, bu yerga suv chiqmaydi, nasos bilan suv keltirguncha paxta qurib qoladi. Shuning uchun kam suv talab qiladigan dukkakli ekinlar ekkandik-da, lekin hokimlik hamasini payxon qildi, - deydi Grain Wheel fermer xo‘jaligi rahbari Alisher Tursunov.

Yangiyo‘l tumanidagi boshqa xo‘jaliklarda yerlar paxta maydonlariga aylantirilishi va’ji bilan ziroat ekinlari vayron qilingan.

Hokimyatning bu amali tumanda ko‘plarning noroziligiga sabab bo‘ldi.

"Haydamaysan deb, traktorni tagiga yotib olganlar bo‘ldi," - deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan boshqa bir yangiyo‘llik fermer.

Ozodlik fermer xo‘jaliklarida ziroat ekinlari vayron qilingani yuzasidan Yangiyo‘l tumani hokimi o‘rinbosari Rahimjon Rixsiyovdan izoh so‘radi.

Tumanda qishloq xo‘jalik masalalariga mas’ul bo‘lgan hokim o‘rinbosari Rixsiev vayron etilgan ekinlar hokimlikning ruxsatisiz ekilgan “noqonuniy ekinlar” bo‘lganini aytdi.

- Noqonuniy ekinlar-da. Ekinlarni joylashtiruvi tuman hokimini qarori bilan yil boshida tasdiqlanadi. Yerga hamma o‘zicha narsa ekmaydiku. "Razmeshenie", degan narsa bor. Shu hujjatda u yerga no‘xat ekiladi, degan joyi bo‘lmagan. Bir narsani yerga qadashdan oldin hokimlikdan ruxsat olishi kerak edi fermer, ular o‘zboshimcha ekkan, - deydi Yangiyo‘l tumani hokimi muovini Rahimjon Rixsiev.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Yangiyo‘l tumani hokimi muovini Rahimjon Rixsiev bilan suhbat.

Grain Wheel fermer xo‘jaligi rahbari Alisher Tursunov esa no‘xat ekishga tuman hokimligidan og‘zaki ruxsat olganini aytadi.

- Shuni yozma yozdirib olsam bo‘lar ekan, men ularni og‘zaki roziligiga uchib no‘xat ekibman, - deydi Tursunov.

Hokimlik suv kelishi qiyin yerda qanday qilib paxta yetishtirmoqchi? Suv kelishi qiyin ekan u yerga paxtadan ko‘ra kamroq suv ichadiga dukkakli ekinlar ekkan foydali emasmi?

Ozodlik muxbirining bu savoliga Yangiyo‘l tumani hokimi muovini Rahimjon Rixsiev quyidagicha javob berdi:

- Hozir paxta bilan g‘allaga nasos orqali sug‘oriladigan yerlarga ketadigan elektr energiyasini hukumat bu yildan boshlab davlat byudjeti hisobidan qoplab beradigan bo‘ldi. Oldinlari suv yo‘q fermer xo‘jaliklari nasoslarga ketadigan elektr narxini to‘lab, paxtadan daromad ololmayotgan edi. Bu yildan boshlab paxta va g‘alla davlat buyuritmasi bo‘lgani uchun suv nasoslariga ketadigan elektrni byudjet hisobidan qoplab beradigan bo‘lyapti, - deydi Yangiyo‘l tumani hokimi o‘rinbosari Rahimjon Rixsiev.

Mutaxassislar O‘zbekiston majburiy mehnatga sabab bo‘layotgan, davlat mablag‘lari sovurilayotgan paxta yakkahokimligidan voz kechib, mahalliy iqlimga mos bo‘lgan boshqa ekinlarni ekishni yo‘lga qo‘yish kerakligini aytishadi.

- O‘zbekistonda sug‘oriladigan joylarda bir gektar yerdan o‘rtacha 1,5 tonna no‘xat olish mumkin. Mehnat va suv ham talab qilmaydi. Paxtaga shuncha mehnat, suv. Hokimlik suvni nasosiga ketgan elektrni hukumat byudjetdan qoplab beradi, deyapti. Lekin, baribir davlatni puliku bu, davlatni puli ketyaptiku, - deydi fermer Alisher Tursunov.

Yangiyo‘l tumani hokimi o‘rinbosari Rahimjon Rixsiev ham paxtadan ko‘ra qishloq-xo‘jalik maxsulotlari yetishtirish ko‘proq foydali ekaniga qo‘shiladi.

- Bizaga bor-yo‘g‘i 3 ming gektar paxta qo‘yilgan. Qolgan 23 gektar yerimizga ziroat ekinlari ekilgan. Toshkent viloyatida bizni tumanimiz meva va boshqa qishloq xo‘jalishi maxsulotlari eksporti bo‘yicha oldi o‘rinda turadi, - deydi Yangiyo‘l tumani hokimi o‘rinbosari Rahimjon Rixsiev.

O‘zbekistonda inson huquqlari faollari paxta yetishtirish byudjet tashkiloti xodimlarining majburiy mehnati evaziga amalga oshishi va undan hatto fermerlar ham foyda ko‘rmayotganliklarini aytib kelishadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham paxta yetishtirishdan hatto fermerlar ham foyda ko‘rmayotganini o‘z chiqishlarida ko‘p marta aytgan.