Andijon shahrining “Yangi bozor” dehqon bozorida maxsus ruxsatnomasiz non sotadigan ayollarga bu bozor hududini tark qilish uchun berilgan muhlat tugashi ortidan 30 aprel kuni bozor ma’muriyati ularni bu hududdan chiqarish uchun militsiya otryadi chaqirtirdi.
Militsiya bosimi bilan quvilgan 50 nafarga yaqin ayol bu harakatga norozilik tariqasida bozor oldidan o‘tuvchi Furqat ko‘chasini to‘sib qo‘ydi.
Stixiyali tarzda yuzaga chiqqan bu norozilik ishtirokchilarining Ozodlikka bildirishicha¸ ular bozor ma’muriyatidan non sotgani alohida joy qilib berishni talab qilgan.
Non sotuvchi ayollar aksiyasi uzoqqa cho‘zilmagan - militsiya otryadi ularni tarqatgan, qarshilik qilganlarni mashinaga bosib olib ketgan.
30 aprel kungi voqeaga bevosita aloqador tomonlarning Ozodlikka aytishicha, Andijon shahridagi “Yangi bozor” dehqon bozori buzilishi sabab¸ keyingi ikki oy davomida bozor ma’muriyati bu hududda non sotadigan ayollar va yoymachi savdogarlarni bozor hududini tark etish lozimligidan ogohlantirib kelgan.
Buning uchun berilgan muhlat tugagach¸ 30 aprel kuni ma’muriyat litsenziyasiz non sotib kelganlardan bozor hududini zudlikda tark etishni so‘ragan¸ ammo savdogarlar bozor ma’muriyatining buyrug‘iga bo‘ysunmagan.
- Soat 13:30-14:00 lar edi. Andijon shahri “Yangi bozori”da non sotuvchi ayollar non sotgani alohida joy qilib bermagunlaringcha¸ bozordan ketmaymiz, deb turishdi. Keyin militsiya kelib, hammasini hayday boshladi. Keyin bozordan quvilgan ellikdan ziyod ayol “Yangi bozor” oldidagi Furqat ko‘chasidagi yo‘lni yopib qo‘ydi. Yo‘llar yopilib, mashinalar o‘tolmay qoldi. Yana militsiya kelib ularni tarqatdi, qarshilik qilganlarni mashinaga bosib olib ketdi, - deydi Ozodlik bilan suhbatda voqeaning bevosita ishtirokchisi bo‘lgan non sotuvchi ayollardan biri.
“Yangi bozor” ma’muriyati vakili Ozodlik bilan suhbatda voqeani sharhlar ekan, "soliq to‘lamasdan savdo-sotiq faoliyati bilan shug‘ullanadigan savdogarlar"ning bozordan haydalganini tasdiqladi.
- Bozor buzilishga tushgan. Dehqon bozori o‘rnida zamonaviy savdo majmuasi quriladi. Ko‘chada yurib, nalog to‘lamasdan sotishlar bo‘lmaydi endi. Bu haqda ularga tushuntirish berilayapti, lekin ular tushunmayapti. Savdogarlik qilaman, deganlarga do‘konlar beriladi, ruxsatini olsin. Bu ayollar maxsus kiyimsiz, antisanitariya holatida non sotayapti, ochiq holda, belgilanmagan joyda. Bu mumkin emas,- dedi o‘zini tanishtirmagan “Yangi bozor” ma’muriyati vakili.
Andijon shahar hokimligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi "Yangi bozor" o‘rnidagi yangi savdo majmuasining 1 sentabrgacha qurib bitkazilishi rejalanayotgani, u yerda yoymachilarning savdo qilishlariga ruxsat berilmasligini aytdi.
- Savdo faoliyati endi faqat do‘konda, litsenziya olib qilinadi. Butun respublika bo‘yicha bozorlar tartibga solinayapti. Bizda ham shu. Yoymachilik bo‘lmaydi endi, - dedi hokimiyat vakili.
Ozodlik gaplashgan andijonliklarga ko‘ra¸ Andijon shaharining 1-kichik dahasida joylashgan “Yangi bozor” dehqon bozori ichkarisi va tashqarisida non va boshqa uyda tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari sotish orqali o‘nlab ishsiz ayol tirikchilik qiladi.
“Yangi bozor” dehqon bozorida go‘sht sotadigan tadbirkorning aytishicha, bozorda non sotadiganlarning aksariyati ko‘p bolali ayollardir.
- Yillardan beri bu ayollar shu bozorda tirikchilik qilib keladi. Lekin non sotish uchun do‘konni ijaraga olish o‘zini oqlamaydi. Go‘shtdan qilsa bo‘ladi, non sotib do‘kon ijarasini topib bo‘lmaydi. Non bizda azaldan ko‘chada sotilgan, - deydi andijonlik savdogar.
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, non sotuvchi ayollar "Eski shahar" dehqon bozoridan quvilganidan bir kun o‘tib yana bozor atrofiga tizilishgan.
Buni shu bozordagi savdogarlar ham tasdiqlashdi.
- Hozir yana sotib o‘tirishibdi. Militsiya kelishi bilan aravasini nariroqqa tortadi. Bu yoqdan quvsa¸ u tarafga borib sotadi, - deydi andijonlik savdogar.
O‘zbekistonning boshqa bozorlaridan ham yoymachilarni militsiya haydagani haqida Ozodlik ilgari xabar bergan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Jizzaxlik yoymachi savdogar bilan suhbat
O‘tgan hafta Jizzaxning "Ko‘k" bozoridan yoymachilar quvilgan paytda militsiya bilan to‘qnashuv ro‘y bergan. Lekin sal o‘tib yoymachilar bozor atrofini qaytadan ishg‘ol etgan edi.