Toshkentda “Yandeks.Taksi” mobil ilovasi orqali yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarga qarshi reydlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi mulozimining Ozodlikka aytishicha, “Yandeks.Taksi”ning O‘zbekistondagi maqomi aniq emas. Lekin litsenziya olmasdan kirakashlik qilish noqonuniy faoliyat hisoblanadi.
So‘nggi to‘rt kun ichida o‘tkazilgan reydlar davomida "Yandeks.Taksi" ilovasi yordamida, lekin litsenziyasiz ishlagan 50 haydovchi ushlandi.
Ularning haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yildi, mashinalari jarima maydonchasiga kiritildi.
Agentlik mulozimi Ozodlik bilan suhbatda Toshkent shahrida 25 maydan buyon o‘tkazilayotgan reydlarda yo‘lovchi tashishga ruxsat beruvchi litsenziyani olmasdan “Yandeks.Taksi” mobil internet-serveridan foydalanib, taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanib yurgan ellik haydovchi ushlanganini bildirdi.
- “Yandeks.Taksi” ilovasini telefoniga yuklab olib, litsenziyasi bo‘lmasa ham taksichilik qilayotganlar ko‘payib ketdi. Hozir biz shularga qarshi reydlar o‘tkazib, noqonuniy taksichilik qilayotganlarni ushlayapmiz. To‘rt kunda elliktasini ushladik, - dedi O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi mulozimi.
"Yandeks.Taksi" xizmati O‘zbekiston yo‘lovchi tashish bozorida o‘tgan oy faoliyatini boshlagan edi.
“Yandeks.Taksi”ning Moskvadagi markazi vakili Nadejda Leonidova Ozodlik bilan suhbatda o‘zi ishlayotgan shirkatning Toshkentda ushlangan noqonuniy kirakashlarga aloqasi yo‘qligini aytdi.
- Biz haydovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlamayapmiz. Mahalliy hamkorlar bor, rasman ro‘yxatdan o‘tgan, litsenziyasi bor hamkorlar bilan ishlaymiz, - deydi “Yandeks.Taksi”ning Moskvadagi markazi vakili.
“Yandeks.Taksi” xizmati g‘arb davlatlarida keng tarqalgan Google mobil ilovasi bilan ishlovchi UBER taksi xizmatiga o‘xshashdir.
Yo‘lovchilar smartfon yordamida “Yandeks.Taksi”ga buyurtma berishadi.
Taksiga buyurtma berish uchun faqat mobil ilovani ochish va borish kerak bo‘lgan joyni ko‘rsatish kifoya.
Ismi sir qolishini istagan toshkentlik haydovchining Ozodlikka aytishicha, arzonligi va qulayligi sabab “Yandeks.Taksi” yo‘lovchilarning qiziqishini qozongan.
- “Yandeks.Taksi”da belgilagan tarif bor. 3 kilometrga 2000 so‘m. Kutish 3 minutgacha bepul. Haydovchi mijozdan belgilangan tarifdan yuqori haq ololmaydi. Shunisi mijozlarga yoqyapti, - deydi haydovchi.
Lekin, toshkentlik kirakashning aytishicha, ham litsenziya olib, ham “Yandeks.Taksi” belgilagan talab asosida ishlash o‘zini oqlamayotgani sabab ko‘pchilik noqonuniy ishlayapti.
- Litsenziya uchun oyiga 450-600 ming so‘m to‘lash kerak. “Yandeks.Taksi” ham 20 foiz komissiya oladi. Shuning uchun ko‘pchilik “Yandeks.Taksi” ilovasini yuklab litsenziya olmasdan ishlayapti. 20 foiz komissiyani to‘lab, odam tashiyapti, - deydi toshkentlik haydovchi.
“Yandeks.Taksi” O‘zbekisitonda faoliyatini boshlaganidan bir oy o‘tib mamlakatdagi boshqa taksi shirkatlari noroziligiga uchradi.
Daryo.uz nashri xabariga ko‘ra, Toshkentda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi o‘nlab xizmatlar O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi va Davlat raqobat qo‘mitasiga O‘zbekiston hududida "Yandeks.Taksi"ning noqonuniy faoliyatini to‘xtatishni so‘rab murojaat qilgan.
- Ularning O‘zbekistonda hech qanaqa idorasi ham yo‘q. Qandaydir ilovani telefoniga yuklab, litsenziyasiz taksichilik qilyapti. Nechestniy bo‘lyapti, - deydi Toshkentdagi "Karavan" taksi shirkatining haydovchisi.
Mahalliy taksichilar nonini yarimta qilayotgani sababli UBER taksi xizmati ham ko‘pgina davlatlarda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi shirkatlar noroziligiga uchragan va ayrim davlatlarda UBER taqiqlab qo‘yilgan.